APILAK
APILAK, asalari suti — ishchi asalarilarning beli va ko’krak qismidagi bezlarda ishlab chiqariladigan suyuqlikdan tayyorlanadigan oq yoki sarg’ish quruq kukun. Biologik stimulyator xususiyati bor. Apilak tibbiyotda bolalarning gipotrofiya, kattalarning gipotoniya kasalliklarini hamda ayollardagi laktasiya (sut hosil bo’lishi) ning buzilishini davolashda qo’llaniladi. Apilak atir-upa sanoatida ham ishlatiladi. Uning tarkibida oqsil, qand, yog’, mineral tuzlar, vitaminlar va D provitamin bor. Bu suyuqlik arilardan ma’lum davrda yig’ib olinadi va spirtda konservasiyalanadi.