AQIDA

AQIDA (Arabcha) — dindorlar uchun majburiy hisoblangan, shak keltirmasdan, muhokama yuritmasdan e’tiqod qilinishi lozim bo’lgan diniy talablar. Islom Aqidalarining asosi Qur’onda berilgan, hadislardagi ko’rsatmalar negizida ishlab chiqilib, tartibga solingan. Islomning sunniylik yo’nalishi ilohiyotida e’tirof etiladigan Aqidalar yoki imon talablari 7 ta: Allohning yagonaligiga, farishtalarga, muqaddas bitiklarga, payg’ambarlarga, oxiratga, taqdirga va inson qazo qilganidan so’ng qayta tirilishiga ishonish. Shialik yo’nalishi ilohiyotida 5 Aqida tan olinadi: tavhid (Allohning yagonaligi), nubuvvat (payg’ambar) ga ishonish, adl (ilohiy taqdirning adolatligiga ishonish), imomat (imomlar hokimiyatini tanish), maod (oxiratga ishonish). Xristianlikda Aqidalar birinchi marta 2-jahon sobori tomonidan qabul kilingan va u e’tiqod timsoli deb atalgan. U Xudoning muqaddas uchlikda (ota, o’g’il va Muqaddas ruhda) namoyon bo’lishi, Iso (as)ning xaloskorlik missiyasi, uning tirilib osmonga ko’tarilib ketishi va oxiratda yana qaytib tushishi, jami 12 asosiy Aqidadan iborat. Keyinchalik jahon soborlari e’tiqod timsolini Iso (as) ning ham ilohiy, ham insoniy tabiatga egaligi, ikonaga sig’inish shartligi haqidagi Aqidalar bilan boyitgan. Xristian cherkovi bo’linib ketgandan keyin xar bir konfessiya, diniy oqim o’z ta’limotiga boshqa xristian cherkovlar e’tirof qilmagan Aqidalarni kiritgan. Katolisizm A’rof haqidagi, Muqaddas ruh faqat Ota-Xudodan emas, balki o’g’il-Xudodan ham paydo bo’lganligi, Bibi Maryamning ilohiy tarzda Iso (as)ga homilador bo’lganligi va uning jismi osmonga ko’tarilib ketgani, Rim papasining e’tiqod va axloq ishlarida begunohligi borasidagi Aqidani qabul etdi. Protestantizm esa ruhoniylik unvonini berish, muqaddas zaytun moyi surtish va boshqalar. Aqidalarni tan olmay, har bir dindorning o’z e’tiqodi bilan gunohdan xalos bo’lishi to’g’risidagi Aqidani rasm qildi. Pravoslaviye cherkovi yangi Aqidalar kiritishni rad etib, ilgarigi Aqidalar mazmunini talqin etish yo’lidan bordi.