«ARAB BAHORI» VOQEALARI

«ARAB BAHORI» VOQEALARI — 2010-yil oxirida Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda boshlangan qator e‘tirozlarga berilgan umumiy nom. 12 ta arab mamlakatlari: Tunis, Misr, Yaman, Jazoir, Iordaniya, Mavritaniya, Saudiya Arabistoni, Ummon, Sudan, Siriya, Liviya hamda Marokashni qamrab olgan. E‘tirozlar inqilob sifatida baholanib kelingan. Maqsadi tuzum o‗zgarishi, inson huquqlari, demokratiyani tiklash. Belgilari namoyishlar, tartibsizliklar, fuqarolar itoatsizligi, o’zini yoqish va ish tashlashlar hisoblanadi. E‘tirozlar 2010-yil 18-dekabrida Tunisda, Muhammad Buazizining politsiya poraxo’rligi va qattiqqo’lligiga achchiq qilib o’zini yoqib yuborishidan boshlanib ketdi. Tunis to’ntarilishi muvaffaqiyati va mintaqadagi o’xshash vaziyatlar tufayli, namoyishlar to’lqini qo’shni mamlakatlarga o’tdi, jumladan, e‘tirozlar Jazoir, Iordaniya, Misr va Yamanda davom etdi, nisbatan kichik miqyosda boshqa arab mamlakatlari ham voqealar silsilasiga tushdi. Ko’pgina vaziyatlarda e‘tirozli kunlar «jahl kunlari» deb ataldi. E‘tirozlar natijasida birinchi bo’lib o’zgargan hukumat Tunisniki bo’ldi: sobiq Prezident Zayn al- Abidin ibn Ali Saudiya Arabistoniga qochdi. Keyingi katta e‘tirozlar Misrda 2011-yil 25- yanvarida boshlandi. To’rt kunlik namoyishlardan so’ng Prezident Husni Muborak islohotlar o’tkazishga va‘da berdi, biroq lavozimidan kechish niyatini bildirmadi. Bundan keyin davom etgan namoyishlardan so’ng Muborak 30 yillik mansabini boshqa egallamasligini, sentabrda bo’lib o’tadigan saylovlardan so’ng iste‘foga chiqishini e‘lon qildi. Bu paytda Iordaniya qiroli Abdulla II bosh vazirni almashtirdi, Yaman Prezident Ali Abdulloh Solih esa keyingi saylovlarda nomzodini qo’ymaslikka va‘da berdi. 2013- yil ma‘lumotlariga ko’ra, ushbu voqealarda 500 dan ziyod o’limlar, 4 mingdan ziyod jarohatlar va mingdan ziyod hibsga olishlar ro’y berdi. E‘tirozlar butun jahon e‘tiborini o’ziga qaratdi. Namoyishchilarni 2011-yilgi tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlash takliflari o’rtaga tashlandi. Shunday qilib, arab mamlakatlarida tashqi kuchlar xalqni davlatga qarshi qayrab, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosat mutlaqo noto’g’ri ekanligini oddiy aholi ongiga singdirgan hamda turli namoyishlar, qo’zg’alonlar o’tkazilishini ta‘minlashga erishgan. Oqibatda xalq va hukumat o’rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan va ichki urushlar boshlangan.