ARAB YOZUVI

ARAB YOZUVI — yozuv turi. G’arbiy Osiyo, Shimoliy Afrika mamlakatlarida qo’llaniladi. O’ngdan chapga tomon yoziladi va o’qiladi. Arabistonda milodiy 4-asrgacha amalda bo’lgan oromiy yozuvi asosida paydo bo’lgan. Hozirgi Arab yozuvida 28 ta harf va 12 ta yordamchi belgi bor. Arab yozuvining oddingi shakli kufiy yozuv deb atalgan. Furot daryosi yoqasida joylashgan Kufa shahri olimlarining bitiklari bunga asos bo’lgan. Arab yozuvida 12 ta yordamchi belgining kashf etilishi, harflarni birbiridan farq qildiruvchi nuqtalarning qo’llanishi, ularning miqdori va joylashuvi, ya’ni ustki yoki ostki nuqtalar bo’lishining tayin etilishi bevosita Qur’oni Karim bilan bog’liq. Islomshunos olimlarning guvohlik berishicha, Islom yuzaga kelib tarqalgunicha arablarda qo’llanilgan yozuv Hijoziy deb atalgan, uni qurayshiylardan Harb ibn Umayya o’rgangan va o’rgatgan. Bu ham aslida anboriy-himyoriy yozuv turi bo’lib, Hijozda tarqalgan Qur’oni Karim ilk oyatlari shu yozuvda bitilgan. Abu Bakr sahifalari, Usmon mushaflari turli yordamchi shakl va nuqtalardan xoli yozilgan, unga juz’lar, hiztlar va boshqa ko’rsatkichlar alomati qo’yilmagan. Qur’oni Karim va boshqa yozma asarlar kufiy yozuvda ham bitila boshlandi. Chunki bu yozuv oldingisiga qaraganda mukammal edi. Islomning Ajam mamlakatlariga ham yoyilishi yozuvda qisqa unlilarning bo’lishini zaruratga aylantirdi. Natijada milodiy 688 yilda Iroq voliysi ziyod ibn Abihi Abul Asvad Duvaliyga nahv (sintaksis) darsligi yaratishni buyurdi. U qisqa unlilarni (a, i, u) harf ustiga, ichiga va ostiga nuqta qo’yish bilan belgiladi. Ikkinchi isloh Umaviy xalifalardan Valid ibn Abdul Malik Marvon davrida amalga oshirildi. Ibn Xallikon «At-tashif» («Noto’g’ri talaffuz») kitobida shunday yozadi: odamlar qirq yildan ziyod, to Abdul Malik ibn Marvon zamonigacha Usmon mushaflarini o’qishda davom etdilar. Iroqda noto’g’ri talaffuz qilish kuchayib ketgandan so’ng, Hajjoj o’z kotiblariga shakli o’xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar tayin qilishni buyurdi. Nasr ibn Osim bu vazifani o’z zimmasiga oldi. Natijada, arablar hijriy 1-asr 2-yarmidan, ya’ni umaviylar davrida nuqta va harakat belgilarini qo’llay boshladilar. Abul Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr ibn Osim nuqtalarni joriy etishdi. Shunday qilib, hozirgi Arab yozuvining ilk ko’rinishi kufiy deb atalgan. 18 shakldagi hozirgi Arab yozuvi ustki va ostki nuqtalar va ularning soni bilan farq qiluvchi 28 harfdan iborat. Omon Musayev.