ARAVAKLAR

ARAVAKLAR (arovaklar, aruaklar) — Janubiy Amerika va Vest-Indiyadagi indeys xalqlari guruhi (Guaxiro, kampa, machichenga, baniva, Aravaklarning o’zi va boshqalar). Aravaklarning bir qismini Ispaniya mustamlakachilari qirib yuborgan, qolganlari (350 ming kishi, 1964) hozirgi vaqtda Venesuelaning g’arbiy rayonlarida, Kolumbiya va Peruning shimoliy viloyatlarida, Braziliyada va Boliviyada yashaydi. Umumiy soni 400 ming kishi (1992). Aravak tilida so’zlashadilar. Aravaklarda urug’chilik tuzumi va ruhlarga ishonish bilan bog’liq bo’lgan diniy e’tiqod saqlangan, bir qismi — katolik. Dehqonchilik va ovchilik bilan shug’ullanadilar, bir qismi katta yer egalariga qarashli plantatsiyalarda yollanib ishlaydi.