ARID O’LKALAR
ARID O’LKALAR (lotincha aridus – qurg’oqchil) — cho’l iqlimli o’lkalar. Arid o’lkalarda havoning sutkalik va yillik temperaturalari katta tafovut qiladi, nisbiy hamda mutlaq namlik kam, yog’in juda oz (150 — 200 millimetr) bo’ladi. Arid o’lkalarda tranzit (shu yerlardan o’tadigan) daryolarni mustasno qilganda doimiy oqar suvlar bo’lmaydi, o’simliklar juda siyrak yoki butunlay yo’q, tabiiy nurash kuchli, tuprog’i boshlang’ich holda. Arid o’lkalar tropik, subtropik hamda mo’tadil mintaqalarda — materiklarning ichkari qismlarida va qo’shni o’lkalardan keladigan nam havo oqimlarini tog’ tizmalari to’sib turgan yerlar (O’rta Osiyo, Eron cho’llarida hamda yuqori bosimli o’lkalar — Sahroi Kabir, Arabiston yarim oroli, Quyi Kaliforniya, Kolorado etagi, Atakama, Namib, Avstraliya cho’llari) da ko’proq uchraydi. Arid o’lkalarga Markaziy Osiyo cho’llari eng yaxshi misoldir. Bu yer Yevrosiyo materigi o’rtasida, shamollar keladigan okeanlar (Atlantika okeani) dan juda uzoqqa joylashgan yoki tog’lar bilan to’silgan.