ARIFMETIKA

ARIFMETIKA (lotincha arithmos — son) — sonlar va sonli to’plamlarda berilgan amallar (qo’shish, ayirish, ko’paytirish va bo’lish) ni o’rganuvchi fan. Sonlar yordamida beriladigan misol va masalalar o’ziga xos sodda usullarda yechiladi va kelgusida matematikani chuqur o’rganishga zamin bo’ladi. Arifmetika deganda son tushunchasining paydo bo’lishi va rivojlanishi, hisoblash usullari va hisoblash qurollari takomillashuvi va turli tarzdagi sonlar bilan amallar bajarish tushuniladi. Sonlar bilan mantiqiy mulohazalar yuritishga urg’u berilganda nazariy Arifmetika tushunchasi ishlatiladi. Butun sonlarning xususiyatlari sonlar nazariyasida o’rganiladi. Arifmetika tushunchasi har xil buyumlar, narsalar ustida amallar bajarish zaruriyati tug’ilganda ham ishlatiladi. Arifmetika algebra bilan uzviy bog’liq. Arifmetika qadimda odamlar barmoqlari yordamida sanash va hisoblashni boshlagan paytlarda paydo bo’lgan. Keyinchalik hisoblash va sodda o’lchov ishlarini amalga oshirish natijasida Arifmetika tez rivojlandi. Ayniqsa, pul paydo bo’lgandan so’ng pul hisobi, ishlab chiqarish vositalarining ko’payishi, boshqa fanlarga tatbiq qilinishi tufayli Arifmetika fan sifatida shakllandi. Arifmetika rivojlanish jarayonining eng muhim bosqichlari Hindiston madaniyati taraqqiyoti bilan bog’liq. O’rta dengiz atrofidagi davlatlarning juda ko’p qismida, G’arbiy Osiyodan tortib to Hindistongacha, Arifmetika va umuman mat.ning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan o’rta asr sharqi olimlari uz tarjimalari va asarlarida yunon matematiklari merosini saqlabgina qolmay, hindlarning yutuqlarini targ’ib etish bilan cheklanmay, ularni yana ham boyitdilar. Muhammad al-Xorazmiy Arifmetikaga doir asar yozdi. Bu asarda Arifmetika izchil bayon qilingani uchun u madrasalarda mat.dan asosiy qo’llanma bo’lib kelgan. Arifmetik amallarni bajarishda hind hisob tizimi (unli sanoq tizimi) ga asoslangan yangi usullar 10-asrda Yevropaga tarqala boshlaydi. Yevropaliklarga arifmetik amallarni ishlatish usullari, malakasi hindlardan utgan bo’lsa ham bu jarayon al-Xorazmiyning lotin tiliga tarjima qilingan Arifmetika qo’llanmasi yordamida amalga oshirilgan. Bu asarning usha davrdagi tarjimasi hozirgacha saqlanib qolgan. Musulmonqul Berdiqulov.