ARPABODIYON

ARPABODIYON (Anisum) — ziradoshlar oilasiga mansub bir yillik o’tlar turkumi; 2 turi bor. O’zbekistonda oddiy Arpabodiyon (Arpabodiyon Vulgare) ekiladi. Uning pastki barglari buyraksimon (yoki uch bo’lakli), yirik arra tishli, yuqoridagilari ipsimon bo’lakchalarga bo’lingan. Gullari mayda, oq, murakkab soyabonga to’plangan. Arpabodiyonning mevasi tarkibida 3,2%, ba’zan 6% gacha efir moyi va 28% gacha boshqa moylar bor. Efir moyi tarkibida 90% gacha anetol bo’ladi. Mevasi va efir moyidan tayyorlangan preparatlar balg’am ko’chiruvchi sifatida qo’llaniladi. Arpabodiyon mevasi va efir moyi oziq-ovqat sanoatida ishlatiladi.

ARPABODIYON (pazandalikda) — shirmoy nonlarning paygari (xamirturushi)ni tayyorlashda ishlatiladi. Arpabodiyon urug’i chinni choynak yoki biron idishga solib damlanib, so’ngra uning suviga maydalangan no’xat ivitiladi, ma’lum muddatdan so’ng hosil bo’lgan ko’pikka un aralashtirib, xamirturush olinadi.