ARRA

ARRA — yog’och, metall, tosh, suyak, shox, sadaf va boshqalarni kesish va qirqish uchun ishlatiladigan qirra tishli asbob. Po’lat plastinka va disksimon qilib yasaladi. Turlari: bir kishi ishlatadigan Arra — dastarra (qo’larra), ikki kishi ishlatadigan Arra — g’o’labur Arra, yog’ochdan noziq buyumlar tayyorlashda ishlatiladigan Arra — taxtabur Arra Shakli va ishlatilishiga ko’ra, pushtakli arracha, kashakli-shadabur, bekashak-shadabur, yirik tishli shadabur, mayinbur, yirik tishli burush, mayin tishli burush, noziq, pargar, po’lat, sadaf, sarbur, takchir, xatbur, chap, ching’iza, shoh, beda Arralar deb yuritiladi. Texnika taraqqiy etishi bilan Arralarning mexanik turlari yaratilgan. Mexanik Arralarning metall kesuvchi, taxta tiluvchi va daraxt kesuvchi xillari bor. Taxta tiluvchi va metall kesuvchi Arralar plastina (polotno) li, zanjirli va diskli bo’ladi. O’rmonda daraxtlarni ag’darishda kerosin (benzin) bilan ishlaydigan Arralardan foydalaniladi. Yog’och, faner yoki yumshoq metalldan egri chiziqli shakldor buyumlar yasashda ishlatiladigan ramasimon Arra lobzik deb ataladi.