ARSENAL

ARSENAL (Arabcha, dor assinoa — ustaxona so’zidan olingan) — quruqlikdagi qo’shinlar va harbiy dengiz qo’shinlari qurol-yarog’larini yasaydigan, tuzatadigan, saqlaydigan joy. Arablardan frantsuzlarga, so’ng ruslarga va boshqa tillarga o’tgan. Moskvadagi Arsenal (Kremlda) 1584 yildan mavjud (1783 yilda muzeyga aylantirilgan). Peterburgdagi Arsenal Pyotr I tomonidan 1712 yilda tashkil etilgan. Kiyev (1764 yildan), Bryansk (1783 yildan), Kronshtadt, Sevastopol, shuningdek Angliyada — Vulidj, Italiyada — Turin, AQShda — Frankford, Pikatini, Rokaylend Arsenallari asosiy hisoblangan. 20- asrda qurol-yarog’ ishlab chiqarish sanoatning mustaqil tarmog’iga aylanganidan so’ng, qurol-yarog’ tayyorlash va ularni saqlash uchun alohida joylar ajratish zaruriyati tug’ilgach, Arsenal ilgarigi ahamiyatini yo’qotgan va endilikda turli maqsaddagi baza va omborxona vazifasini bajarmoqda. O’rta asrlarda Movarounnahrda qurol-yarog’ saqlanadigan joy — jevaxona (Jibaxona) deb atalgan.