ASALARI
ASALARI, bolari (Apis mellifera L.) — arilar oilasining bir turi. Asalari vatani Janubiy Osiyo hisoblanadi. Hozirgi davrda Janubiy kengliklardan chekka shimolgacha tarqalgan. Asalarilar, asosan, oila bo’lib yashaydi. Bir oila bir ona (xalq tilida «podshosi» deb ham yuritiladi), bir necha ming ishchi va bir necha yuz erkak Asalaridan iborat. Ona Asalari tanasi uzunligi 20 — 25 millimetr, vazni 200 — 250 milligramm, bahordan kuzga kadar tuxum qo’yish va oilani boshqarish vazifasini bajaradi. Qanoti tanasining yarmini qoplaydi, nektar, gul changini yig’uvchi apparatining yo’qligi bilan farq qiladi. Ona Asalarining jinsiy a’zolari rivojlangan. 5 yilgacha yashaydi (tajribali asalarichilar ona Asalarini har ikki yilda yangilab turadilar). Bir sutkada 2 — 2,5 mingtagacha tuxum qo’yadi. Otalangan tuxumlardan 21 kunda ishchi Asalari, otalanmagan tuxumlardan 24 kunda erkak Asalari chiqadi. Agar lichinkalarni ishchi Asalarilar asalari suti bilan oziqlantirib tursa 16 kunda ona Asalari chiqadi. Tuxumdan chiqqan ona Asalari 7 — 8 kunda jinsiy balog’atta Yetadi. Erkak Asalari tanasi uzunligi 15 — 17 millimetr, vazni 200 milligramm, qorin qismi to’mtoq bo’lib, oldingi qanotlari uzun, gul changi va nektar yiguvchi apparati, nayzasi yo’q, ko’kragi keng, xartumi qisqa. Bir oilada 80 — 100 tagacha erkak Asalari bo’ladi. Asosiy vazifasi ona Asalarini urug’lantirish (asosan, havoda juftlashadi, urug’lantirganidan keyin halok bo’ladi). Ular uyada faqat yozda bo’ladi, kuzda oilada urchish ishlari to’xtashi bilan ularni ishchi Asalarilar uyadan quvib chiqaradi. Ishchi Asalari tanasi uzunligi 11 — 15 millimetr, vazni o’rtacha 100 milligramm, jinsiy a’zolari rivojlanmagan, urg’ochi asalarilar bo’lib, yozda 35 — 40 kun, qishda 3 oy yashaydi. Bir oilada yozda 60 — 80 ming, qishda 10-15 ming ishchi Asalari bo’ladi, soatiga 60 kilometr tezlikda ucha oladi, oiladan 2 — 3 kilometr va undan ortiq masofaga uchib borib, nektar va gul changini yig’ish, nektarni asalga aylantirish, mum ishlash, lichinkalarni boqish, katak qurish, uyani qo’riqlash kabi ishlarni bajaradi. Asalari qadimdan qimmatbaho mahsulotlar bo’lgan asal, propolis, mum, ona asalari suti, asalari zahari va boshqalarni olish, shuningdek qishloq xo’jaligi ekinlarini mevali bog’larni changlatish uchun boqiladi. Asalari oilasi bir mavsumda 140 — 150 kilogramm asal to’playdi, bundan 100 kilogramm Asalari ta’minotiga sarflansa, 40 — 50 kilogramm asal ajratib olinadi. Asalari oila a’zolarining xizmat faoliyati o’zaro bog’liq bo’lganidan ularning birortasi ham o’zicha mustaqil hayot kechira olmaydi. Zotlari: O’rta Rossiya o’rmon (qoramtir) Asalari zoti (A.m. millifera) — eng ko’p tarqalgan zotlarga kiradi. Arilari yirik, asaldorligi yuqori, sovuqqa chidamli, har bir oiladan 100 kilogrammgacha asal olish mumkin. Kavkaz (Gruziya) tog’qo’ng’ir Asalari zoti (A. m. cavcasica) — asosan, Zakavkazye, O’rta Osiyoda tarkalgan. Karpat Asalari zoti — G’arbiy Ukrainaning tog’li rayonlari va Karpat ortida ko’p uchraydi. Rangi qoramtir, tabiati yumshoq, xartumi uzun. Italiya sariq Asalari zoti (A.m. ligustuca) ning kelib chiqishi Italiya hisoblanib, Kanada, AQSh, Avstraliya va yangi Zelandiyada tarqalgan. Keyinchalik Finlyandiya, Yaponiya, Xitoy va Hindistonga ham keltirilgan. 1964 — 70 yillarda O’zbekistonga keltirib sinalgan. Paxta ekiladigan yerlarda yuqori mahsuldorlikka erishildi. Uzoq Sharq Asalari zoti — uzoq Sharq (Primorye, Xabarovsk) da ko’p tarqalgan. Zot Ukraina, O’rta Rossiya, Italiya va Kavkaz Asalarilari ishtirokida yetishtirilgan, mahsuldorligi o’rtacha. Kraina kulrang Asalari zoti (A.m. carnica) — Yugoslaviya, Avstriya tog’larida keng tarqalgan. Tashqi ko’rinishdan Kavkaz tog’ qo’ng’ir Asalarisiga o’xshaydi, mahsuldorligi o’rtacha. O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot institutida Asalarilar bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Ibrohim Jo’rayev.