ASATI

ASATI — qovun navlari (Asad oyida pishadi). Dehqonchilikda Asati-VIR 3806 (K. I. Pangalo, M. K. Goldgauzen) va Toshkent asatisi (populyasiya) navlari ekiladi. Shakli tuxumsimon, o’rtacha kattalikda, uzunligi 25-27 santimetr, og’irligi 4-7 kilogramm. Po’sti yupqa, sirti ingichka va tutash to’rlar bilan qoplangan. Rangi och sariq, zarg’aldoq, yo’l-yo’l tilimli dog’lari bor. Eti oq, qalinligi 5 — 5,5 santimetr, sershira, shirin, tarkibida 10% gacha qand bor. Urug’i yirik, och sariq. Ekilganda unib chiqqanidan keyin 83 — 98 kunda (Toshkent vohasida ekiladigan Toshkent asatisi navi 65 — 70 kunda) birinchi hosili pishadi. Hosiddorligi 250 — 300 tsentner/gektar. Toshkent, Farg’ona, Andijon viloyatlarida Asati 3806 ekiladi. Yangiligida iste’mol qilinadi, qovun qoqi tayyorlanadi.