ASBOB
ASBOB (Arabcha — sababning ko’pligi) — 1) biror ish bajarishda ishlatiladigan qurol. Chunonchi, pichoq, qaychi, qozon, tovoq, cho’mich, kapgir — uy-ro’zg’or Asboblari, ustara, qayroq — Sartaroshlik Asboblari; arra, randa va boshqa — duradgorlik Asboblari; 2) texnikada — biron bir kattalik (fizikaviy, elektr va boshqalar)ni o’lchashda ishlatiladigan o’lchash Asboblari (masalan, ampermetr, barometr, vattmetr va boshqalar), isitish Asboblari; tibbiyotda — jarrog’lik Asboblari, harbiyda — otish Asboblari; 3) musiqa asarini ijro etish uchun ishlatiladigan soz (cholg’u Asboblari, musiqa Asboblari); 4) Asbobning «bir kishiga tegishli mulk, narsa» degan ma’nosi ham bor. Shu ma’noda tarixiy asarlarda biror kishiga qarashli yer-suv va imorat. Asbob so’zi shu ma’noda toponimlar tarkibida uchraydi. Chunonchi, Jo’ybor xojalari (15— 17-asr) hujjatlarida asbobi Ali Yomchi, asbobi Kamol, asbobi Qutlug’shoh va boshqa joy nomlari tilga olinadi. Turli Asbob, qurol-yarog’ va jihozlar majmui asbob-anjom deb ataladi.