ASFALTLASH

ASFALTLASH – avtomobil yo’llari, ko’cha, aerodrom va hokazoga asfalt-beton qoplamalar yotqizish; asfalt-beton qorishmalarni oldindan tayyorlangan zaminga yotqizish va zichlash. Asfalt-beton bir yoki ikki qavat qilib yotqiziladi. Ikki qavatli asfalt-betonning ostki qavati 4-5 santimetrli yirik donali shag’al, ustki qavati o’rtacha, mayda donali shagal yoki qumli bo’ladi va qalinligi 4 santimetrga yetadi. Serqatnov yo’llar va shoh ko’chalarga umumiy qalinligi 12-15 santimetrni tashkil qiladigan 3-4 qatlam qoplanadi. Asfaltlashning uch usuli bor: qizdirilgan asfalt-beton yotqizib, so’ngra tekislash va shibbalash; sovuq asfalt-beton yotqizib, yengil g’altaklar bilan tekislash va 250— 500 kilogramm/santimetr kvadrat bosim ostida tayyorlangan plitalar yotqizish. Hozir Asfaltlash ishlari to’la mexanizatsiyalashtirilgan.