ASFIKSIYA
ASFIKSIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va sphyxia — puls), bo’g’ilib qolish — organizmda kislorod yetishmay karbonat angidrid ko’payib ketishi natijasida paydo bo’ladigan kasallik holati. Asfiksiyaga nafas yo’llarining ichki yoki tashqi tomondan to’silib qolishi (masalan, bo’gma kasalligida kekirdak va bronxlarga shilimshiq tiqilib qolganda, nafas yo’llarida yot jismlar, qusuq massasi turib qolganida tomoq bo’g’ilganida), nafas muskullarining falajlanishi yoki uzoq vaqt tortishib qolishi sabab bo’ladi. Asfiksiyada nafas yo’llari o’tkazuvchanligining buzilishi natijasida zararlangan kishining yuzi ko’karib, ba’zan to’q zangori yoki qoramtir tusga kiradi. Avvaliga es-hushi joyida bo’lib, nafas yo’llari o’tkazuvchanligini tiklashga urinadi: qattiq yo’taladi, og’ir ahvoldan qutulishga harakat qiladi, bora-bora hushini yo’qotadi va hokazo. Asfiksiyaning dastlabki alomatlari paydo bo’lganda darhol tez tibbiy yordam chaqirish kerak.