ASHTARXONIYLAR

ASHTARXONIYLAR, Joniylar-1601 — 1757 yillarda o’zbek davlatchiligini boshqargan sulola. 1601 yil ashtarxoniylardan Boqi Muhammad Buxoro hokimiyatini qo’lga olgach, Shayboniylar sulolasi hukmronligi tugatilgan. Ashtarxoniylar Jo’jixon naslidan bo’lib, 14-asrning 80-yillaridan boshlab Astraxon (Ashtarxon, Hoji Tarxon) va uning atrofidagi yerlar, xalklar ustidan xukmronlik qilgan. 1556 yil Astraxonni Rossiya bosib olgandan keyin, Ashtarxoniylardan Yormuhammadxon oilasi bilan Buxoroga ko’chib kelgan. Buxoro xoni Iskandarxon (1563— 83) qizi Zuhroxonimni uning o’g’li Jonibek sultonga bergan. Jonibek Sulton Zuhroxonimdan uch o’g’il (Din Muhammad, Boqi Muhammad, Vali Muhammad) ko’rgan. Din Muhammad Abdullaxon II zamoni (1583-98) da Niso va Abivard hokimi bo’ldi. Abdulmo’minxon o’ldirilgandan keyin (1599) Amir va ruhoniylar Jonibek sultonni xon taxtiga ko’tarmoqchi bo’ldilar. Lekin, Jonibek bundan voz kechdi. Shunda ular uning katta o’g’li din Muhammad nomiga xutba o’qitdilar. Ammo u Buxoroga borayotib yo’lda halok bo’ldi. Oxiri taxtga Jonibek sultonning o’rtancha o’g’li Boqi Muhammad o’tqazildi. Shundan boshlab Buxoro xonligi Ashtarxoniylar qo’liga o’tdi. Sulola hukmdorlari: Boqi Muhammadxon (1601-05), Vali Muhammadxon (1605- 11), Imomqulixon (1611-42), Nadr Muhammadxon (1642-45), Abdulazizxon (1645-81), Subhonqulixon (1681-1702), Ubaydullaxon II (1702-11), Abulfayzxon (1711-47), Abdulmo’minxon (1747-51), Ubaydulloxon III (1751-54), Sherg’ozi (1754-57). Ad.: Abduraimov M. A., Ocherki agrarnix otnosheniy v Buxarskom xanstve v 16— 19 vv., t. I—II, T., 1966, 1970; Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982; O’zbekiston xalqlari tarixi, 2-t., T., 1994.