ASSALOMU ALAYKUM

ASSALOMU ALAYKUM (Arabcha – sizga tinchlik, salomatlik tilayman) — musulmonlar o’zaro uchrashganda ishlatiladigan salomlashuv iborasi. Salom qabul qiluvchi «va alaykum assalom» («Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman»), deb javob qaytaradi. Assalomu alaykum tanigan va tanimagan musulmonlarga beriladi. Kichik yoshdagilar yoshi ulug’larga, ulov mingan odam piyodaga, piyoda ketayotgan kishi o’tirganga, ozchilik ko’pchilikka salom beradi. Assalomu alaykum ko’pchilik huzuriga kirib o’tirishda ham aytiladi. Assalomu alaykumni kishi eshitadigan qilib muloyim tarzda aytish lozim. Assalomu alaykum o’zaro muomala-munosabatning boshi bo’lib, o’ziga xos iliklik, samimiyat, ochiq ko’ngillilik baxsh etadi. Assalomu alaykumni oshkora aytish kishilar o’rtasida muhabbat paydo etib, o’rtadagi gina va kuduratlarni ketkazadi. O’zidan kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat yuzasidan salom-alik qilish kishilarimiz uchun axloqiy mezon bo’lib qolgan. Assalomu alaykum deyish sunnat, javob qaytarish esa vojibdir.