ASSIDIYALAR
ASSIDIYALAR (Ascidia) — qobiqlilar kenja tipining sinfi. Uzunligi 0,1 millimetrdan 30 santimetrgacha, yakka yoki koloniya bo’lib yashaydi. Xaltasimon tanasi qalin qobiq (tunika)ga o’ralgan, ustki tomonida og’iz teshigi va kloaka sifoni joylashgan, ostki tomoni bilan suv tubiga yopishgan. Halqumi devorida joylashgan juda ko’p jabra yoriqlari jabra oldi bo’shlig’iga ochiladi. Bu bo’shliqqa jinsiy yo’llar, kloakaga orqa ichak ochiladi. Ikkilamchi tana bo’shlig’i halqum devoridan hosil bo’lgan bir juft nay — perikard va epikarddan iborat. Voyaga yetgan Assidiyalarda xorda, nevrosel kabi xordalilar uchun xos bo’lgan belgilar bo’lmaydi, lekin lichinkasida bu organlar rivojlangan. Jinsiy va jinssiz yo’l bilan ko’payadi. Lichinkasi erkin yashaydi. Assidiyalarga bir necha turkum, 100 urug’ va 2000 ga yaqin tur kiradi. Deyarli hamma dengizlarga tarqalgan.