AUDITORLIK XIZMATI
AUDITORLIK XIZMATI – kompaniya, korxona, tashkilot va boshqalarning moliya-xo’jalik faoliyati holatini xolis tekshiruvchi firmalar. Bu firmalarning xizmatchilari belgilangan tartibda auditorlik faoliyati bilan shug’ullanish uchun huquqi bo’lgan va auditorlik kasbkor ro’yxati (reestri)ga kiritilgan mutaxassislar bo’lib, auditorlar deb ataladi. Auditorlik xizmati xo’jalik yurituvchi sub’yektlar bilan auditorlik firmalari o’rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday firmalar Auditorlik xizmatini bajarish uchun tegishli kompaniya, korxona va tashkilotlar faoliyatini nazorat qiladigan davlat organlari (O’zbekistonda Adliya, Moliya vazirliklari) dan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) oladilar. Auditorlik xizmatining asosiy vazifasi tekshirilayotgan korxonaning moliyaviy ahvoli to’g’risida xolis xulosa berishdan iborat. Bu xulosa ushbu korxonaning faoliyati to’g’risidagi yillik hisobotda shu korxonaning rasmiy balansi hamda foyda va zarari hisoblari bilan birgalikda qonun bilan belgilangan tartibda e’lon qilinadi. Auditorlik xizmati xulosasi ijobiy yoki salbiy bo’lishidan qat’i nazar korxonaning moliyaviy holatini tasdiqlovchi mustaqil hujjat hisoblanadi. Auditorlik xizmati nazorat ishlari bilan birga maslahat xizmatlarini ham bajaradi. Auditorlik xizmati birinchi marta 19-asrning 40-yillarida Angliyada aktsiyadorlik jamiyatlari moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirish bilan bog’liq holda paydo bo’ldi. 20-asrning 70-yillariga kelib jahon mamlakatlarida Auditorlik xizmati standartlari yaratila boshladi. MDH mamlakatlari, shu jumladan O’zbekistonda dastlabki auditorlar 90-yillarning boshlarida paydo bo’ldi. O’zbekistonda 300 dan ortiq auditorlik firmalari faoliyat ko’rsatadi (2000). O’zbekiston Respublikasi hududida ish olib boruvchi auditorlik firmalari va mustaqil auditorlar ixtiyoriy asoslarda mustaqil jamoat tashkiloti bo’lgan O’zbekiston Respublikasi auditorlar palatasiga uyushgan. O’zbekistonda Auditorlik xizmati 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining «Auditorlik faoliyati to’g’risida» Qonuniga muvofiq olib boriladi. Abdurauf Musayev.