AURA
AURA (Yunoncha aura — esish) — tutqanoq talvasasi tutishidan oldingi holat. Turli ko’rinishda sezgilar buzilishi sifatida namoyon bo’ladi. Sensor (teri sezgisi) Aurasida badanning ayrim joylarida og’riq, noxush sezgi, uvishib qolish, bir narsa o’rmalayotgandek sezgi va hokazolar seziladi. Ko’rish Aurasida ko’z oldida, turli shakllar va ranglar (masalan, qon rangi), yong’in, chaqmoq va boshqalar paydo bo’ladi. Eshitish Aurasida quloqqa har xil ovoz, qichqiriq, xushtak, tasir-tusirlar va hokazolar eshitiladi. Hid bilish Aurasida turli xil noxush hidlar; motor Aurasida — kutilmagan harakatlar; vegetativ Aurada — ko’ngil aynishi, qusish, yurak urishi, nafas olishning buzilishi, oqarib yoki aksincha qizarib ketish kuzatiladi. Ko’pincha turli xil Aura birga kechadi. Har bir bemorda Auraning bir xili uchraydi va har safar tutqanoq tutishdan oldin aynan shu turi bezovta qiladi.