Avaz O‘tar (1884-1919)
Avaz O‘tar — Avaz Polvonniyoz (O‘tar) o‘g‘li (1884.15.8 – Xiva – 1919) — o‘zbek ma’rifatparvar shoiri. Dastlab maktabda, so‘ng Xivadagi Inoqiy madrasasida o‘qidi. 18 yoshlarida shoir sifatida xalq o‘rtasida tanildi.
Muhammad Rahim Soniy (Feruz) Avaz O‘tar iste’dodiga katta e’tibor bergan, uni saroyga taklif qilib Tabibiyni unga ustoz tayin etgan. Ammo, Avaz O‘tar saroy hayoti bilan chiqisholmay, uni tark etadi.
20-asr boshlarida ko‘zga tashlanayotgan milliy uyg‘onish, istiqlol g‘oyalari Avaz O‘tar ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. A.O‘. ijodida erkparvarlik, ozodlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, turmush illatlariga qarshi qaratilgan hajvlar paydo bo‘la boshlaydi, bu davrda shoir yuksak insoniy fazilatlarni, chinakam insoniy muhabbatni tarannum etuvchi lirik she’rlar, qitalar, ruboiylar yozdi.
Avaz O‘tar ijodida alohida o‘rin tutgan hajviy she’rlar turkumi — «Faloniy» ham shu davr mahsuli. Avaz O‘tar «Millat», «Hurriyat», «Topar erkan, qachon», «Xalq», «Zamon» va boshqa she’rlarida millat taqdiri va kelajagini yangicha talqin etadi. Ayrim she’rlari o‘sha davr vaqtli matbuoti («Oyina», «Vaqt», «Mulla Nasriddin» va boshqa)da bosilgan. 2 devoni («Saodat ul-iqbol», «Devoni Avaz») va qator bayozlarga kiritilgan g‘azallari yetib kelgan.
Devonlarining qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 942, 7102, 3451) saqlanadi. Respublikada maktablar, ko‘cha va xiyobonlarga Avaz O‘tar nomi berilgan. Xivada uy-muzeyi tashkil etilgan, haykali o‘rnatilgan. U haqda badiiy asarlar yaratilgan (E. Samandar «Erk sadosi» dostoni, A. Bobojon «Fazal fojiasi» dramasi, S. Siyoyev «Bir chora zamon istab» qissasi va b.).