Avtomatlashtirish nima degani?

Jarayonni avtomatlashtirish bu texnik asbob-uskunalarni shunday joylashtirishni anglatadiki, oxir-oqibatda, inson mehnati ortiqcha bo’lib qoladi. Hozirning o’zidayoq ayrim buyumlar shu tarzda ishlab chiqarilmoqda, inson esa tayyor buyumlarning sifatini nazorat qiladi, xolos. Shuni ta’kidlash kerakki, ayrim narsalar — masalan, kompyuterlarning mikrosxemalari — mashinalar tomonidan insonga nisbatan tezroq sur’atda va sifatliroq tayyorlanadi. Ma’lumotlar to’plash jarayoni ham mexanizasiyalashtirilgan. Hozirgi zamon kompyuterlari chop etilgan matnlarni, ekrandagi tasvirni, «o’qiy» oladi, hatto inson nutqini aynan takrorlaydi. Hayotimizda ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish yil sayin kuchayib bormoqda. Xizmatchi xodimlar ustidan nazorat qiladigan boshliq timsoli asta-sekin o’tmishga aylanmoqda, ularning o’rnini kompyuterlar egallayotir. Bugunning o’zidayoq bir qator jarayonlar avtomatlashtirilgan. Buning faqat ikkita dalilini keltiraylik: ko’chalarni yoritish va suvning shahardagi uylarning barchasiga yetib borishini ta’minlash. Hozirgi kunda bu ishlar avtomatik usulda boshqariladi. Bir vaqtlar faqat qo’lda bajarilgan ko’pgina ishlar bugun mashinalarda tez va arzon bajariladi. Biroq mexanizatsiyalashtirishning kuchayishi ishsizlikni vujudga keltiradi: ya’ni ko’pgina ishchilar ishsiz qoladi, ular esa yashash uchun mehnat qilishlari kerak. Xullas, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish aytarli oson bitadigan ish emas.