AVTORITAR DAVLAT
AVTORITAR DAVLAT — ushbu davlatda g’ayridemokratik, avtoritar rejim hukmronlik qiladi. Avtoritar rejimdagi davlatlar uchun fuqarolarning huquq va erkinliklari cheklangan yoki butunlay tugatilganligi, muxolifatdagi partiya va boshqa tashkilotlarning taqiqlanganligi, saylab qo’yiladigan davlat organlarining roli cheklanganligi va ijro etuvchi hamda farmoyish beruvchi davlat organlarining roli kuchaytirilishi, davlat boshlig’i va hukumatning qo’lida hokimiyat vakolatlarining to’planishi, parlament va boshqa davlat hokimiyat organlarining rolini yo’qqa chiqarilganligi xosdir. Avtoritar rejimning eng xavfli shakllaridan biri fashizmdir. Fashistik rejim XX asrning 30-40 – yillarida g’arb mamlakatlarida (Germaniya, Italiya) paydo bo’lib, u yerda mavjud bo’lgan demokratik huquq va erkinliklarni yo’qqa chiqardi va muxolif partiya va tashkilotlarni terroristik usulni qo’llab yanchib tashladi. Fashizmga ijtimoiy asosni hokimiyatga intiluvchi kuchlar va aldangan ishchi, dehqonlar qatlami yaratdilar. Fashistik rejimlarni paydo bo’lishiga jamiyatning ichida ijtimoiy-sinfiy ziddiyatlarning keskinlashuvi, hukmron sinfning siyosiy hokimiyatini inqirozi sabab bo’ladi. Inqirozlar natijasida hukmron tabaqa o’z hukmronligini lebiral-demokratik usullar orqali ta‘minlay olmaydi, shu sababli hokimiyatni qo’ldan boy berishdan qo’rqib terroristik usullarni qo’llashga o’tadi. Ularga misol qilib, ikkinchi jahon urushi boshlanishi oldidagi Germaniya va Italiyadagi fashistik rejimlarni ko’rsatish mumkin. Bu mamlakatlarda mavjud bo’lgan fashistik rejimni xususiyatlariga quyidagilarni ko’rsatish mumkin: aholini kam ta‘minlangan qatlamini himoya qilishni ro’kach qilib boshqaruvni repressiv usullarini qo’llash; ommaviy axborot vositalari orqali g’ayrikommunistik va g’ayrisemit g’oyalarni targ’ib qilinishi; xalq farovonligi uchun g’amxo’rlik qilish to’g’risidagi yolg’on shiorlarni tarqatish; fashist rahbarlari siyosatiga qarshi bo’lganlarga davlat miqyosida kurash olib borish; hukmron doiralarning armiya, politsiya va boshqa repressiv kuchlarga tayanishi; Germaniya va Italiya fashistlarining yo’lboshchilarining daxlsizligi dohiylikka da‘vogarligi va h.k.. Yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari, fashistik rejimning yana bir qator o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Ulardan eng muhimi ijro etuvchi hokimiyatning qonun chiqaruvchi hokimiyatdan mutloq ustunligidir. Ijro etuvchi hokimiyatning mutloq ustunligi «tub islohotlar»ni o’tkazish, «millat birligi» uchun kurashish, «haqiqiy» demokratiyani o’rnatish, qonuniylik va adolatni tantanasi uchun kurashish kabi shiorlarni o’rtaga tashlash bilan ta‘minlandi. Bunda parlament faoliyat yuritishni to’xtatadi va siyosiy jihatdan betaraflashadi. Parlament o’zining qonunlarni yaratish vakolatidan mahrum bo’ladi.