AVTOXTONLAR

AVTOXTONLAR (Yunoncha autochthones — mahalliy, jaydari), aborigenlar — bir joyda evolyutsiya jarayonida paydo bo’lgan mahalliy organizmlar. Avtoxonlar paydo bo’lgan joyni ular kelib chiqqan markaz yoki makon deyiladi. Avtoxonlar tur, kenja tur, turkum yoki urug’ kabi taksonomik birliklardan iborat bo’lishi mumkin. Organizmning bir tizimdagi darajasi qanchalik quyi va areali tor bo’lsa, uning avtoxton ekanligiga va zamonaviy areali uning makoni ekanligiga shunchalik ko’p ishonch hosil bo’ladi. Hayvonlardan taroqbarmoq, qo’shoyoq va sug’ur, o’simliklardan darmana, tovsag’iz Markaziy Osiyo uchun Avtoxonlardir. Avtoxonlar bilan endemik tushunchasi, ko’pincha, bir kelishi mumkin. Masalan, Kaspiy tyuleni Kaspiy dengizi uchun ham endemik, ham avtoxtondir.