AXLOQ

AXLOQ — kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda Axloq talablarini bajarish-bajarmaslik ma‘naviy ta‘sir ko’rsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni ma‘qullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni Axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, ma‘naviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Axloq har bir vaziyatni baholash va to’g’ri qadamlar qo’yish imkonini beradi. Axloq moddiy foyda keltirmaydi, shuning uchun individual darajada u utilitar emas. Ammo axloq insoniyat darajasida – utilitar, chunki u insoniyatni saqlab qolish shartidir. Axloq bilan siyosatning bosh ijtimoiy funksiyalari mos tushadi: har ikkalasi umumiy farovonlik va ijtimoiy adolat himoyachisi bo’lishga da‘vogarlik qiladi.