AXSIKAT

AXSIKAT — qadimgi shahar xarobasi. Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumanidagi Shahand qishlog’i hududida, Sirdaryoning o’ng sohilida joylashgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri miloddan avvalgi 3 — 2-asrlarda vujudga kelgan, 9 — 10 – asrlarda Farg’ona vodiysining poytaxti bo’lgan. 1219 yil mo’g’ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Axsikatning eski o’rnidan 5 — 7 kilometr g’arbda bunyod etilgan yangi shahar — Axsi 14— 17-asrlarga oiddir. Axsikatni arxeologik jihatdan o’rganish ishlari 19-asr oxirlari -20- asr boshlaridan boshlangan. 1885 yil N. I. Veselovskip, 1914 yil I. A. Kastane qazish va qidiruv ishlari olib borgan. Sho’rolar davrida M. E. Massoy (1939) va A. N. Bernshtam (1948) lar tekshirganlar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Axsikat Ark, Shahriston va raboddan iborat bo’lganligi, shaharning uch qismi ham alohida devorlar bilan o’ralganligi, arkda hokim saroyi, zindon, shahristonda ichki bozor, jome masjidi, pishiq g’ishtdan ishlangan hovuz va ariqlar, rabodda hunarmandlar mahallalari va tashqi bozor mavjud bo’lganligi aniqlangan. Axsikat Namangan o’lkashunoslik muzeyi xodimlari tomonidan ham o’rganilgan (1957 – 59). 1960 yil O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti uyushtirgan maxsus ekspeditsiya Axsikat rabodidan 11 – asrga oid ko’hna hammom o’rnini ochgan. U yerdan sopol idish, quvur, chaqa tanga va shisha buyumlar topilgan. Bundan tashqari, Axsikat xarobalaridan g’arbrokda o’rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akademik Ya. G’. G’ulomov va arxeolog I. Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo’lganligini, ulardan biri qad. Axsikat va ikkinchisi Bobur tug’ilgan Axsi ekanligini birinchi bo’lib isbotladilar. 1967 yil rassom I. A. Smirnov Axsikat xarobalaridan yig’ib jamlagan sopol idish, jez buyum va zeb-ziynatlar majmuasini Moskvadagi Sharq xalqlari davlat muzeyiga taqdim etgan. Axsikat yodgorligi o’zbek xalqi madaniyati tarixida muhim o’rin tutganligi uchun 1950 yildan davlat muhofazasiga olingan.