AYE-AYE
AYE-AYE, Madagaskar qo’loyog’i (Daubentonia madagascariensis) — qo’loyoqlilar oilasining yagona turi, lemurlar, ya’ni chala maymunlar kenja turkumiga mansub. Ko’rinishi maymunlarga o’xshamaydi, 1860 yilda lemurlarga yaqinligi aniqlangan. Tanasining uzunligi 40 santimetr, baroqdumi 60 santimetr. Juni qattiq, qoramtir kulrang yoki qora. Boshi va quloqlari katta, oyoqlari bir xil uzunlikda. Bosh barmog’i boshqa barmoqlariga qarshi qo’yilmagan. Faqat keyingi oyoqlaridagi bosh barmoqlar tirnog’i yassi. Madagaskarning shimoliy-sharqidagi bambuk o’rmonlari chakalakzorlarida yakka yoki juft bo’lib yashaydi. Aye-aye— tungi hayvon, kunduzi baland daraxtlarning uchidagi shoxlar orasida quruq novda va barglardan yasagan uyasida uxlaydi. Hasharotlar, qushlarning tuxumi, bambukning yosh novdalari, shakar qamish va Mango mevasi bilan oziqlanadi. Tabiiy yashash muhiti buzilishi tufayli Aye-ayening yo’qolib ketish xavfi tug’ilgan. Hozir Aye-aye uchun Kusi-Mangabe orolida qo’riqxona tashkil etilgan. Aye-aye tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkilotning qizil kitobiga kiritilgan.