AYNIYAT QONUNI

AYNIYAT QONUNI – to’g’ri, mantiqiy fikrlashning muhim qonunlaridan biri. Ayniyat qonuni mantiq fani (formal mantiq) da o’rganiladi. Ayniyat qonuni ham tafakkurning boshqa qonun va shakllari singari predmet, hodisalarning ma’lum ob’yektiv xususiyat va munosabatlarini aks ettiradi. Predmetlarning nisbiy mustaqillikka ega bo’lish xususiyati, ma’lum davr ichida ma’lum muayyanlikni saqlab qolishi, ma’lum aniq mazmun va shaklga ega bo’lishi, boshqa narsalardan farq qilib turishi inson tafakkurida bir necha minglab yillar davomida qayta-qayta aks etishi jarayonida Ayniyat qonuni shaklida ifodalangan. Bu qonun bo’yicha muhokamada, munozarada har bir fikr, har bir tushuncha o’zining boshlang’ich ma’nosini o’zgartirmasligi, aynan saqlanib qolishi, aniq, ravshan bo’lishi lozim. Ayniyat qonuni. talablariga rioya etilmasa, fikrlash noaniq bo’ladi, tushunchalar almashtirib yuboriladi, natijada tafakkur ob’ektiv reallikni to’g’ri aks ettira olmaydi, haqiqatni bilib bo’lmaydi. Faqat mantiqiy, tafakkur uchun xos bo’lgan bu qonunning mazmunini keng ma’noda ishlatish, ob’ektiv reallikka ko’chirish metafizikaga olib boradi. Bu qonun mantiqda A=A shaklida ifodalanadi.