AYOZ
AYOZ — turkiy xalqlar topishmoqli ertaklarida an’anaviy qahramon. Dono va tadbirkor. Oddiy xalq himoyachisi, sezgir va so’zamol, kishilar qalbiga yo’l topa biladigan kishi. Har bir so’zi, harakat va holati ta’limiy-didaktik ahamiyatga ega. «Ayoz, ko’rgan kuningni unutma, xom chorig’ingni quritma» mazmunidagi maqollar Ayoz haqidagi ertak va rivoyatlar ta’siri natijasida yuzaga kelgan.
AYOZ — kech kuz, qish va erta bahorda yer va yerga yaqin havo qatlami temperaturasining keskin pasayishi. Radiatsion, advyektiv va advektivradiatsion xillari bor. Kuchsiz shamol esib, havo ochiq turganda yer sirtida nurlanish maksimal bo’ladi va radiasion Ayoz ro’y beradi. Sovuq havo massalari bostirib kirishi tufayli advektiv Ayoz paydo bo’ladi. Har ikkala omilning birga kechishi natijasida advektivradiasion Ayoz yuz beradi. Kuz va bahor fasllaridagi Ayoz natijasida erning yuza katlami muzlaydi va qishloq xo’jaligiga zarar keltiradi.