A’ZAMXO’JAYEV ANVAR A’ZAMOVICH

A’ZAMXO’JAYEV ANVAR A’ZAMOVICH (1928.17.2-Toshkent – 1994.19.6) — huquqshunos olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1968). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1978). Yuridik fanlari Doktori (1964), professor (1966). Toshkent yuridik institutini tugatgan (1949). Shu institutda katta o’qituvchi, dotsent (1952-55). ToshDU prorektori vazifasini ijro etuvchi (1964-65), yuridik fakulteti dekani (1971-85), O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining boshqarma boshlig’i (1965-66), vazir o’rinbosari (1966-70), O’zbekiston Adliya vazirining birinchi o’rinbosari, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi a’zosi hamda akademiya kotibi (1970-71). Toshkent davlat yuridik instituti rektori (1991-93). O’zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo’yicha milliy qo’mita raisi (1993-94). A’zamxo’jayev o’zbek huquqshunoslik fanining tashkilotchilaridan biri sifatida uning ravnaqiga, yuqori malakali yurist-olimlar, amaliyotchi mutaxassislar tayyorlash ishiga hissa qo’shdi. Davlat huquqi, milliy davlat qurilishi nazariyasi va tarixi, konstitutsiyaviy hamda ma’muriy huquq sohalarida tadqiqotlar olib bordi. U huquqshunoslik va Adliya masalalari bo’yicha bir qancha darslik va o’quv-metodik asarlar muallifi. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973). As: O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari, T., 1993.