AZLAROV

AZLAROV Tursun Abdurahimovich (1938, Toshkent) — matematik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2000), professor (1974), fizika-matematika fanlari Doktori (1973). ToshDUni tugatgan (1960). ToshDUda hamda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi V. I. Romanovskiy nomidagi matematika institutida ishlagan (1960 yildan), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi raisi o’rinbosari (1992-95). Ilmiy ishlari limit teoremalarga, ommaviy xizmat ko’rsatishning matematik nazariyasiga va uzluksiz funktsiyalarni chiziqli musbat operatorlar yordamida yaqinlashtirish muammolariga bag’ishlangan. Azlarov lokal teoremalarda bir tekis baholash masalasi; g’alvirsimon taqsimotlarning ayrim sinflari uchun teoremalar; tekis taqsimlangan va butun son qiymatli tasodifiy miqdor hamda vektorlarning ayrim sinflari uchun lokal limit teoremalarning integral teoremalarga ekvivalentligi masalalari bilan shug’ullandi. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).