Azot nima?

Barcha tirik jonzotlar azotga ehtiyoj sezadi, chunki azot o’simlik, odamzot va hayvonlar organizmida muhim rol o’ynaydi. Azot inson tanasi uchun qurilish materiallar bo’lib xizmat qiluvchi oqsillar tarkibiga kiradi. Bu moddalarsiz hech bir mavjudot o’smaydi, jarohatlarini tuzata olmaydi va yemirilgan to’qimalarini qayta tiklay bilmaydi. Biz nafas olayotgan havoning tarkibida 78 foiz azot bor, yer yuzining har bir kvadrat kilometriga 12 500 000 tonnagacha azot to’g’ri keladi. Azot — bu, rangsiz, ta’msiz va hidsiz gazdir. U suvda biroz eriydi. Juda past darajadagi haroratda yoki yuqori bosimda azot suyuqlikka aylanadi. Odatdagi atmosfera bosimi sharoitida 210 tselsiy darajasida azot suyuq holatga o’tadi. Daf’atan, havoning tarkibida bu qadar ko’p azot bor ekan, tirik mavjudotlar uchun azot olish muammosi bo’lishi mumkin emasdek tuyuladi. Aslida esa tabiatda faqat dukkaklilar oilasiga mansub o’simliklargina havodagi azotni bevosita yutish qobiliyatiga ega. Barcha qolgan tirik organizmlar, shu jumladan, odamlar ham sof azotni o’zlashtira olmaydi. Kerakli azotni olish uchun odamlar o’simliklarning ayrim to’rlaridan yoki o’txo’r hayvonlarning go’shtidan tayyorlangan oqsilli ozuqalarni iste’mol qiladilar. Biz nafas olar ekanmiz, havo tarkibida mavjud azotni ham qabul qilamiz. Biroq azot, kisloroddan farqli o’laroq, bizning o’pkamiz tomonidan o’zlashtirilmaydi va shu boisdan uni shunchaki nafas yo’li orqali orqaga qaytaramiz. Biroq atmosferada azotning mavjudligi sababli biz kislorodni haddan ziyod qabul qilmaymiz. Kislorodning ozligi inson uchun qanchalik xavfli bo’lsa, uning me’yordan ortiqchaligi ham shu qadar xavflidir. Boshqa jonzotlar to’g’risida gapiradigan bo’lsak, ular ham azotni turli boshqa elementlar bilan birikmalar holida qabul qiladi: o’simliklar — tuproqdan, hayvonlar — o’simliklardan, yoki boshqa hayvonlardan o’zlashtiradi. Azot boshqa elementlar bilan katta qiyinchiliklarga uchrab o’zaro ta’sirga kirishadi. Masalan, tabiatdagi kislorod bilan momaqaldiroq paytida g’oyat baland harorat hosil etuvchi keskin chaqmoqlar alangasidagina o’zaro reaktsiyaga kirishadi.