BABAJI XOTIN MAQBARASI
BABAJI XOTIN MAQBARASI – Qozog’iston (Taroz shahri yaqinida) dagi me’moriy yodgorlik (10 — 11-asrlar). Maqbara murabba tarhli (tashqarisi 6,80×6,80 metr, ichkarisi 4,5×4,5 metr). Old va ikki yon tarzlariga bir xilda chuqur ravoqli eshiklar, yoniga kichik yassi ravoqlar, tepasiga turunjlar ishlanib, atrofi hoshiyalar bilan chegaralangan. Bosh tarzidagi islimiy naqsh va kitobasida yozuvi saqlangan. Poygumbazi (1 metrga yaqin) 16 qirrali, usti kulohiy gumbaz bilan qoplangan (gumbazi qulab tushgan). Bino devorining quyi qismiga zilzila ko’zda tutilib, yog’och ishlatilgan. Babaji xotin maqbarasi o’rta asr me’morligining nodir namunalaridan.