BADEN-VYURTEMBERG

BADEN-VYURTEMBERG – GFRning Janubiy-g’arbidagi yeri. Maydoni 35,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 9,8 million kishi (1991). Ma’muriy markazi — Shtutgart shahri. Baden-Vyurtemberg yer yuzasi o’rtacha balandlikdagi tog’lar, Reyn va Dunay daryolari havzasida. Relefi pasttekislik (yuqori Reyn), qirlar, o’rmonli tog’lar (Shvarsvald), soyliklardan iborat. Janubda Boden ko’li bor. Yiliga 700 millimetr yog’in yog’adi. Asosiy daryolari Reyn va uning bosh irmog’i Nekkar, Janubi-sharqida Dunayning bosh qismi oqib o’tadi. Sanoati rivojlangan. Baden-Vyurtemberg hududida toshtuz (Xeylbronn) va kaliy tuzi (Freyburgdan Janubda), temir rudasi (Shvabiya Albi) va polimetall rudalari (Shvarsvald), neft hamda gaz (yuqori Reyn pasttekisligi) qazib chiqariladi. Bir qancha GES qurilgan. Mashinasozlik, ayniqsa avtomobilsozlik, elektrotexnika, qishloq xo’jalik mashinasozligi, kemasozlik, aviaraketa (Shtutgart, Mangeymda), stanoksozlik va vagonsozlik (Fridrixsxafenda) sanoatlari rivojlangan. To’qimachilik, kimyo, poligrafiya, neftni qayta ishlash sanoatlari ham bor. Tog’li joylarida soatsozlik va zargarlik hamda muzika asboblari ishlash taraqqiy qilgan. Qishloq xo’jaligida ko’proq donli ekinlar, qand lavlagi, tamaki va qulmoq yetishtiriladi. Yuqori Reyn, Nekkar vodiysi va Boden ko’li sohilida tokchilik rivojlangan. Yirik shaharlar atrofida sut chorvachiligi yetakchi o’rin tutadi. Reyn, Nekkar daryolarida va Boden ko’lida kema qatnaydi. Baden-Vyurtembergda mashhur Baden-Baden va Badenveylar balneologik kurortlari mavjud. Geydelberg, Freyburg va Tyubingenda universitetlar bor.