BADIHA
BADIHA — xalq og’zaki ijodi an’analari asosida tuyqusdan, birdaniga aytilgan so’z, she’r yoki qo’shiq. Jahon xalqlari ijodida uchraydi. Muayyan asarni ijro yoki qayta ijro etganda ijodkorning unga kiritgan ijodiy o’zgartishlari. Badiha san’atning barcha turiga xos bo’lib, tur va janrlar xususiyatiga ko’ra turli ko’rinishlarda namoyon bo’ladi. Badiha deganda, ko’p hollarda she’riy ta’bga ega, so’zga chechan kishilarning tayyorgarliksiz, to’satdan, qandaydir ichki tug’yon bilan aytgan jozibali so’zlari, satrlari tushuniladi. Lekin har qanday Badiha yuksak tajriba va iqtidor bilan bog’liq. Baxshilar, askiyachilar, masxarabozlar, ertakchilar san’atida bu yorqin namoyon bo’ladi. Hatto xalq og’zaki ijodining ayrim janrlari to’laligicha Badiha asosida ijro etiladi (masalan, Askiya). Xalq ijodchilari orasida Badiha san’ati qadimdan yuksak qadrlanib kelgan. Po’lkan, Islom shoir, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Ergash Jumanbulbul o’g’li va boshqa baxshi-shoirlar, Yusufjon qiziq, Amin buva, Jo’raxon Sultonov, Abdulxay Maxsum Qozoqov va boshqa so’z ustalari ijodida Badiha asosiy o’rin tutadi. Yozma adabiyotda Badiha asosan mushoira tarzida yaratilgan. Badihalar yaratish va aytish ayniqsa Alisher Navoiy zamonida taraqqiy etgan.