BADMINTON
BADMINTON (Angliyaning Badminton shahri nomidan) — patli koptok (volan)ni raketka bilan urib o’ynaladigan tennisga o’xshash sport o’yini. O’yin to’rtburchakli maydonchada (yakkama-yakka uchrashuvlarda maydoncha o’lchovi 13,4×5,2 metr va juftli o’yinlarda 13,4×6,1 metr) 1,55 metr balandlikda tortilgan to’rda o’tkaziladi. O’yinda raqib urgan koptokchani yerga tushirmay unga qaytarish muhimdir. 15 xol (ayollar va bolalar 11 xol) gacha sanaladi. 3 yoki 5 qur o’ynaladi. Xol 0 va juft bo’lganda koptokcha o’ngdan, toq bo’lganda chapdan uriladi. Juftli o’yinlarda o’ng tomondan boshlanib, har xoldan keyin o’yinchilar sherigi bilan o’rin almashtiradi. Badminton qadimgi Malayyada vujudga kelgan, keyinchalik Osiyodagi boshqa mamlakatlarga tarqalgan. 19-asr 70 – yillarida Angliyada rasm bo’lib, o’yin qoidalari ishlab chiqilgach Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham yoyildi. Xalqaro badminton federasiyasi (IBF) 1934 yil tashkil topdi, unga 80 dan ortiq mamlakat a’zo (1991). 1977 yildan jahon birinchiligi o’tkazib kelinadi. 1992 yildan Olimpiya o’yinlari dasturidan joy oldi. Erkaklar uchun Tomas kubogi (1947 yildan), ayollar uchun Uber kubogi (1955 yildan) eng yirik xalqaro musobaqalar, Angliyaning ochiq birinchiligi (Uimbldon turniri) esa norasmiy jahon chempionata hisoblanadi. Badminton O’zbekistonda 50 – yillardan rivojlana boshladi.