BAGRAM
BAGRAM, Begram — qadimgi Kapisa shahri (Afg’oniston) ning xarobalari. Qobuldan 60 kilometr shimolda joylashgan. Afg’onistondagi frantsuz arxeologik missiyasi a’zolari (J. Aken, R. Girshman) tomonidan 1936-41 yillarda o’rganilgan. Shahar miloddan avvalgi 1-asrda vujudga kelib, milodiy 4-asrning 2-yarmida Kobulning yuksalishi munosabati bilan huvillab qolgan. Shahar xom g’ishtdan qilingan mustahkam mudofaa devori (xarobalari saqlangan) bilan o’ralib, uning qalinligi 10 metrdan ziyod bo’lgan, devorda to’g’ri burchakli minoralar o’rnatilgan. Qazishmalar natijasida Markaziy ko’cha, turar joy binolari va qisman saroy ochilgan. Topilmalar orasida fil suyagidan ishlangan buyumlar, inson tasviri va naqshlar tushirilgan eshiklar va uy jihozlari, shuningdek mahalliy ustalar va chetdan (Hindiston, Xitoy, Suriya va boshqalar) keltirilgan shisha va jez buyumlar ayniqsa qimmatlidir.