BAHOUDDIN NAQSHBAND

BAHOUDDIN NAQSHBAND, Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshbandal-Buxoriy (ko’proq Bahouddin yoki Xoja Bahouddin, Balogardon, Xo’jai buzruk, shohi Naqshband nomlari bilan mashhur) (1318 — Buxoro viloyati, hozirgi Kogon tumani — 1389) — mashhur avliyo, Naqshbandiya tariqatining asoschisi. U tug’ilgan qishloq qasri Hinduvon (keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga qasri Orifon) deb atalgan. Uning oilasi va farzandlari to’g’risida aniq ma’lumot yo’q. Lekin Bahouddin Naqshband Muhammad payg’ambar avlodlariga mansub sayyidzodalardan ekanligi qayd etilgan. Otasi to’quvchi hamda o’yma naqsh soluvchi (Naqshband) bo’lgan. Bahouddin Naqshband taqdirida bobosining alohida xizmati bor. U sufiylar bilan yaqin aloqada edi. Shu sababli nabirasida ilohiyotga katta qiziqish uyg’otdi. Bahouddin Naqshbandning birinchi piri — ustozi Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa Shayx yosh Bahouddin Naqshbandni tarbiyalashni o’rinbosarlaridan bo’lmish Amir Sayyid Kulolga topshirdi. U tariqat bobida bilganlarini o’rgatib bo’lgandan keyin shog’irdiga ijozat beradi. Bahouddin Naqshband ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo’lmish Qusam Shayx oldiga, Naxshab, ya’ni hozirgi Qarshi shahriga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddin Naqshbandning bu pirga ixlosi baland bo’lgan, ayni chog’da Qusam Shayx ham uni o’z o’g’lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi. Bahouddin Naqshbandning deyarli butun umri Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda sufiylik bilan o’tgan. U ikki marta haj qilgan. G’aribona hayot kechirgan, faqat o’z mehnati — kimxobga naqsh (gul) solish bilan kun ko’rgan. Xizmatkor yoki qul saqlashni gunoh deb bilgan. Bahouddin Naqshband xalq orasida «Balogardon» (ya’ni duo bilan baloqazoni daf qiluvchi) unvoni bilan ham mashhur. O’z ta’limotini yaratishda yusuf hamadoniy va abduholiq G’ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta’limotining asosida «dilba yoru, dastbakor» («ko’ngil Xudoda bo’lsin-u, qo’l ish bilan band bo’laversin») degan shior yotadi. Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda bo’lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, mo’tadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish ko’ngil bilan amalga oshishi kerak. Qul esa ish — mehnat bilan band bo’laversin. Bahouddin Naqshbandning tarkidunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qo’l silkimay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi g’oyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib bornshini ta’minladi. Bahouddin Naqshbandning qabri azaldan ziyoratgoh hisoblanadi. Ilgari amirlar taxtga o’tirishdan oldin, safarga chiqayotganda va qaytayotganda albatta Bahouddin Naqshband daxmasini ziyorat qilishgan. Abdulazizxon 1544 yil Bahouddin Naqshband maqbarasi yonida ulkan bir xonaqoh qurdirgan. Bahouddin Naqshband vafotidan keyin Naqshbandiya tariqati keng yoyildi. 15-asrda Xo’ja Ahror Ubaydulloh Valiy bu tariqatning eng yirik raxdimosi sifatida maydonga chiqdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham Naqshbandiya tariqatida edilar. Ular ijodida Naqshbandiya g’oyalari keng va atroflicha targ’ib etildi. Bahouddin Naqshband haqida, uning ta’limoti xususida, Naqshbandiy shayxlar to’g’risida talay asarlar yaratilgan. Birgina O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar xazinasining o’zida naqshbandiyaga doir 195 kitob mavjud. Jumladan, Saloh ibn muborak al Buxoriyning «Anisu-t-tolibiyn va uddatus-Solikiyn» («Toliblar oshnasi va soliklar rahnomasi») asari (1383) da Bahouddin Naqshbandning hayot tarzi, kashfu karomatlari va purhikmat so’zlaridan namunalar beriladi. Bu asar «Maqomati Hazrati Xojai Naqshband» nomi bilan yuritiladi. Shu muallifning 4 qismdan iborat «Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband» («Xoja Bahouddin Naqshbandning ta’rif va tavsiflari») asari ham bor. Bulardan tashqari Bahouddin Naqshbandning suyukli xalifasi Xoja Muhammad Porso yozib qoldirgan bir necha asar orqali valiylikning ta’rifi, Bahouddin Naqshbandning tariqatdagi ilk davrlari, uning suhbatlari va hikmatli so’zlari bilan tanishish, Islom aqidasi, ibodat, shariat va tariqat ahkomlaridan baxramand bo’lish mumkin. Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi (1993) munosabati bilan O’zbekistonda Bahouddin Naqshband ta’limotini o’rganishga ahamiyat kuchaydi. Buxoro davlat universiteti huzurida «Naqshbandiya» ilmiy markazi ish boshladi. U yerda tasavvufiy-irfoniy merosni tadqiq etish yo’lga qo’yildi. Buxoro davlat muzey-qo’riqxonasida ham «Naqshbandiya» markazi tuzildi Ad.: Kobul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali, Bahruddin Balogardon, T., 1993; Idris shoh, Naqshbandiy tariqati, T., 1993; Nasafiy, Hazrat Bahouddin Naqshband, T.. 1993;Sadrildin Salim Buxoriy, Dilda yor, T., 1993; Qayumov A., Bu og’ang ila bo’lg’a-sen Naqshband…, T., 1993; Izzat Sul-t o n , Bahouddin Naqshband abadiyati. T., 1994; Sultonmurod Olim, Naqshband va Navoiy, T., 1996. Sultonmurod Olim.