BAKTERIAL KASALLIKLAR

BAKTERIAL KASALLIKLAR, bakteriozlar (o’simliklarda) — o’simliklarda bakteriyalar qo’zg’atadigan yuqumli kasalliklar. Bakteriyalar ta’sirida o’simlik organizmidagi hayotiy jarayonlar buziladi, to’qima va hujayralarning fiziologik funktsiyasi hamda tuzilishi o’zgaradi. G’o’za, tamaki, pomidor, kartoshka, karam, bodring, piyoz, sabzi, g’alla ekinlari, mevalar va tokni zararlaydi va qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Bakteriozlarning bir necha xili farqlanadi: chirish (to’qimalarning yumshab, qurishib, parchalanib ketishi, ildiz chirishi); dog’lar (barg yoki yosh novdalar va mevalarda dog’lar paydo bo’lishi); kuyish (gul, tuguncha, barg va novdalarning qo’ng’ir tusga kirib, qorayishi); bakterial rak (ildiz, poya yoki novdalarda shish hamda yaralar paydo bo’lishi); shira oqishi (gommoz). Bakteriyalar o’simlik ichiga barg og’izchalari, nektar ajratuvchi bez teshiklari yoki jarohatlangan joylardan kirishi mumkin. Bakteriya organizm ichiga kirgach, hujayralararo to’siqni eritib, to’qimalararo yo’llar bilan tarqaladi. Natijada to’qima chirigan kartoshka va sabzi ildizmevasi kabi yumshab qoladi. Kasallikning bunday kechishi parenximatoz (to’qima kasalligi) deb ataladi. Boshqa tur bakteriyalar o’simlikning o’tkazuvchi nay tutam (tomir)larida tarqalib, tomirlar bakteriozini qo’zg’atadi. Bunda o’simlik faqat naylarning tiqilib qolishi tufayli emas, balki bakteriyalar ajratgan zaharli moddalar — toksinlar ta’siridan ham so’liydi. Kasallangan o’simlik qoldiqlari bor tuproq asosiy infektsiya (yuqum) manbai hisoblanadi. Bakteriozlar urug’lik, kasallangan o’simlik qoldiqlari, shamol, shuningdek atmosfera yog’inlari, hasharotlar va boshqalar bilan tarqalishi mumkin. Do’l barg va poyalarni shikastlab, bakteriozning tezda avj olishiga sabab bo’ladi. Kurash choralari: hosil yig’ib olingach, o’simlik qoldiqlarini ildizi bilan birga yo’q qilish, shuningdek qabul qilingan almashlab ekish qoidalariga rioya qilish; kasalliklarga chidamli navlarni ekish. Agrotexnika choratadbirlari kutilgan natijani bermasa, unda maxsus kimyoviy preparatlar — pestisidlardan foydalaniladi.