BAKTERIAL O’G’ITLAR
BAKTERIAL O’G’ITLAR – tarkibida ekinlar uchun foydali tuproq mikroorganizmlari bo’lgan preparatlar. Bakterial o’g’itlar tuproqqa solinganda o’simlik ildizi zonasida biokimyoviy jarayonlarni kuchaytiradigan va o’simlikning ildiz orqali oziqlanishini yaxshilaydigan mikroorganizmlar manbai hosil bo’ladi. Bakterial o’g’itlar mikroorganizmlari o’simliklarning azot, fosfor va boshqa elementlar bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. Ular o’simliklar uchun zarur biologik faol moddalar (auksinlar, vitaminlar va boshqalar) ni sintez qilish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, Bakterial o’g’itlar kasallik tug’diruvchi zamburug’larning kushandasi bo’lib, o’simliklarni kasallanishdan saqlaydi. O’zbekiston qishloq xo’jaligida 1935 yildan boshlab qo’llanilgan. Bakterial o’g’itlardan azotobakterin, nitragin, fosforobakterin va boshqalar ishlatiladi. Urug’lik ekish oldidan Bakterial o’g’itlar bilan dorilanadi Bakterial o’g’itlar quruq binoda 0″ dan 10° gacha haroratda zavod idishlarida saqlanadi va bir mavsum davomida foydalaniladi.