BALANCHIVADZELAR

BALANCHIVADZELAR – jahonga tanilgan gruzin san’atkorlar oilasi. Meliton Antonovich (1862.12/ 24.12, Chxaltubo tumani Banoja qishlog’i — 1937.21.11, Kutaisi) — kompozitor, opera xonandasi, jamoat arbobi, musiqa folklorshunosi. Gruziya xalq artisti (1933). Gruziya kompozitorlik san’atining asoschilaridan, birinchi gruzin operasi («Darejon», 1897), ilk gruzin romanslarining muallifi. Tbilisida etnografik xor (1882), Peterburgda mashhur «Gruzin kontsertlari»ni (1895 — 1917), Kutaisida musiqa bilim yurtini (1918) tashkil qilgan. Andrey Melitonovich (1906.19.5/1.6, Peterburg — 1992, Tbilisi) — kompozitor, pedagog, jamoat arbobi. Meliton Antonovichning o’g’li. Tbilisi (1927) va Leningrad (1931) konservatoriyalarini bitirgan. 1935 yildan Tbilisi konservatoriyasi (1942 yildan professor, 1962 yildan kompozitsiya kafedrasi mudiri), Gruziya Kompozitorlar uyushmasi (1953 yildan raisi, 1973 yildan faxriy raisi) da ishlagan. Birinchi gruzin baleti («Tog’lar qalbi», 1936; Navoiy teatrida ham qo’yilgan, 1940) va simfoniyasi (1944) ning muallifi. Shuningdek, «Mziya» operasi (1950), 2 ta simfoniya, «Karsanis jangi», «dengiz», «Dnepr» simfonik lavhalari, 4 ta fortepiano kontserta va boshqa asarlarni yaratgan. Georgiy Melitonovich (1904.9-22.1, Peterburg – 1983, Nyu-York) — amerikalik xoreograf va balet artisti. Zamonaviy balet san’atining asoschilaridan. Dunyoga Jorj Balanchin nomi bilan mashhur. Melitonantonovichning o’g’li. Peterburg teatr bilim yurtini (1921) bitirgan. 1921 — 24 yillarda Petrograd akademik balet teatrining yakkaxon artisti, «yosh balet» truppasining tashkilotchisi. 1924 yildan chet el (Yevropa va Amerika) da yashagan. Dyagilev teatri (Parij)da qator baletlarni sahnalashtirgan. 1934 yilda AQShda balet maktabini va Amerika balet truppasini, 1948 yilda «Nyu-York Siti balet» truppasini tashkil etgan. London, Parij, Milan, Kopengagen va boshqa Yevropa shaharlarida 100 dan ziyod baletlarni sahnalashtirgan, shu jumladan mumtoz cholg’u, simfonik va opera (I. S. Bax, G. F. Gendel, V. A. Mosart, J. Vize, I. Stravinskiy va boshqa) asarlariga balet yaratgan. «Mashhur baletlarning batafsil tarixi» kitobining muallifi.