BALAND (BULAND) DARVOZA
BALAND (BULAND) DARVOZA – Agra yaqinidagi Fotihpursikri shaharchasidagi saroy masjidining darvozasi. Akbarshoh davri (1556 — 1605) me’morligining mahobatli yodgorliklaridan biri. Baland Darvoza Gujarot viloyatining olinishi sharafiga, eski darvoza o’rniga qizil toshdan qurilgan (1602), zinalari oq marmardan. Darvozaxonaning kengligi 43 metr, balandligi 46 metr, gumbazli yo’lak balandligi 41 metr. Arabiy xatlar bilan bezatilgan baland peshtoqning yon devorlari qirrali. Peshtoq ustidagi nafis gumbazchalar tizmasi Baland Darvozani dabdabali va ulug’vor qilib ko’rsatadi. Devorlardagi Arab yozuvlari, o’yma naqshlar, ravoq va ravoqchalar, nozik guldastalar Baland Darvozani Sharq me’morligining ajoyib yodgorliklaridan biriga aylantirgan.