BALANUS
BALANUS, dengiz yong’oqlari (Balanamorpha) — o’troq yashovchi mo’ylovoyoqli qisqichbaqasimonlar urug’i. Tanasi kesilgan konusga o’xshaydi, bir necha bo’lak plastinkasimon ohakli chig’anoq ichiga joylashgan. Chig’anog’ining uzunligi 20 santimetrgacha. Uning ostki qismi dengiz tubidagi toshlar, mollyuskalar chig’anog’i va har xil hayvonlar tanasiga, jumladan kitlar terisiga yopishib, ko’pincha kemalarning korpusiga ko’plab yopishib olib, harakatini sekinlashtiradi. Chig’anoqning harakatchan ustki qopqog’i bosh tomonidagi maxsus muskullar vositasida ochilib-yopilib turadi. Chig’anoqning mantiya bo’shlig’i deb ataladigan ichki bo’shlig’ida og’iz o’simtasi va besh juft ikki ayrili ipsimon oyoqlari joylashgan. Chig’anoq ochiq bo’lganida bu oyoqlar doim bir maromda harakat qilib mantiya bo’shlig’iga oziq zarralari (mikroblar, mayda hayvonlar va chirindilar) ni haydab turadi. Biror xavf paydo bo’lganida chig’anoq darhol bekiladi. Balanusning 400 ga yaqin turi bor. Ko’pchilik turlari germafrodit. Kaspiy va Orol dengizlaridan tashqari hamma dengizlarda uchraydi. Balanus lichinkasi dengiz qirg’og’i planktoni hisoblanadi, ular baliqlarga oziq bo’ladi. Bir necha turi (Balanus psittacus, Balanus nubilis) oziq-ovqat sifatida iste’mol qilinadi.