BALIQQIYG’IR
BALIQQIYG’IR (Pandion haliaetus) – yirtqich qushlar turkumining baliqqiyg’irlar oilasiga mansub. Kattaligi sariq sordek, tanasining uzunligi 1,5 metrga yaqin, usti to’q qo’ng’ir, qorin tomoni oq, oyog’i kulrang, tumshug’i qora. Baliqqiyg’ir keng tarqalgan. O’zbekistonga martning oxirlarida uchib keladi va qishlash uchun tropik mamlakatlarga sentabr—oktabrda uchib ketadi. Baliqqiyg’ir atrofi daraxtzor suv havzalarining qirg’og’ida yashaydi. Shuning uchun O’zbekistonda kam uchraydi. Xascho’plardan daraxtga uya qo’yadi. Bir uyadan bir necha yil foydalanadi, uni har yili yangilab, tuzatib turadi, natijada uya bo’yi 1 metr, diametri 1,5 metrgacha kattalashib ketadi. 2 — 3 ta havo rang tuxum qo’yadi. Bolalari 2 oyda uchirma bo’ladi. Baliqqiyg’irning tuzilishi, oyoq panjalari baliq tutishga moslangan: barmoqlarining tagi tikanli, panjalari yo’g’on va kuchli, changal tirnoqlarining uchi qayrilgan, qorin va oyoq patlari qisqa, dum bezi yaxshi rivojlangan. Baliqqiyg’ir baliq tutishga mohir. Soni kam bo’lganligi uchun baliq xo’jaligiga sezilarli zarar keltirmaydi. Baliqqiyg’ir O’zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.