BANDUNG

BANDUNG — Indoneziyaning Yava orolidagi shahar. Jakartadan 85 kilometr Janubi-Sharqda, dengiz sathidan 600 metr balandlikda joylashgan. G’arbiy Yava viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 2 million kishi (1990). Temir yo’l, avtomobil va havo yo’llari tuguni. Bandung Indoneziyaning yirik sanoat, ilmiy va madaniy markazlaridan. To’qimachilik fabrikalari, oziq-ovqat, kimyo, metallsozlik, kauchukni qayta ishlovchi korxonalar va yirik temir yo’l ustaxonalari bor. Bandung xinin ishlab chiqarish bilan mashhur. Bandungda ilmiy tadqiqot institutlari, to’qimachilik va texnologiya institutlari, Paster instituti (shifobaxsh zardob va vaktsina ishlab chiqariladi), Markaziy elektrotexnika laboratoriya va universitet, yadro energetikasi markazi bor. Bandung yaqinida (15 kilometr) rasadxona qurilgan. San’at, geologiya muzeylari bor. Tog’ kurorti va turizm rivojlangan. 1955 yilda Bandungda Osiyo va Afrika mamlakatlari vakillarining tinchlikni mustahkamlashga bag’ishlangan Bandung konferentsiyasi bo’lib o’tgan. Shahar 1810 yilda barpo etilgan.