BANDUNG KONFERENTSIYASI
BANDUNG KONFERENTSIYASI – Osiyo va Afrikadagi 29 mamlakatning Bandung shahri 1955 yil 18 — 24 aprelda bo’lib o’tgan konferentsiyasi. Bandung konferenstsiyasiga tashabbuskor davlatlar — Hindiston, Birma, Indoneziya, Pokiston va Tseylon namoyandalari bilan birga Afg’oniston, Kambodja, Xitoy Xalq Respublikasi, Misr, Efiopiya, Oltin Qirg’oq, Eron, Iroq, Yaponiya, Iordaniya, Laos, Livan, Liberiya, Liviya, Nepal, Filippin, Saudiya Arabistoni, Sudan, Suriya, Tailand, Turkiya, Vetnam Demokratik Respublikasi va Janubiy Vetnam, Yaman vakillari taklif etildi. Ularni umumiy masala — tinchlik va milliy mustaqillikka erishish masalasi birlashtirdi. Bandung konferenstsiyasi har bir xalq va millatning o’zini idora qilish huquqiga amal qilgan holda, irqiy tengsizlik siyosatini qoraladi. Tinch-totuv yashashning besh tamoyili («Pancha Shila») asosida «Yalpi tinchlik va hamkorlikka ko’maklashish to’g’risidagi deklaratsiya»ni qabul qildi. Atom va termoyadro qurollarini tayyorlash va sinovdan o’tkazishni taqiqdashga, xalqaro munosabatlarda nizoli masalalarni tinch yo’l bilan hal etishga chaqirdi.