BANKNOTLAR

BANKNOTLAR, bank biletlari, kredit biletlari— Markaziy emissiya banklari chiqaradigan qog’oz pullar, kredit pullarning asosiy turi. Banknotlar pulning to’lov funktsiyasi asosida 17-asrda vujudga kelgan. Yirik davlatlarda tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi Banknotlar chiqarishni davlat emissiya banklarining monopoliyasiga aylantirdi. Qog’oz pullarning oltin ta’minoti bekor qilinganidan keyin (20 – asr 70 – yillari) Banknotlar haqiqiy qog’oz pulga aylandi. Banknotlar Davlat (Markaziy) bankining aktivlari va davlatning aholiga sotadigan tovarlari bilan ta’minlanadi. O’zbekiston Respublikasida 1994 yil 1 iyuldan boshlab milliy valyuta so’m muomalaga kiritildi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga qiymati 1,3,5, 10,25,50,100 so’mlik, 1997 yil 1 martdan qiymati 200 so’m, 2000 yil 1 iyundan 500 so’m bo’lgan bank biletlari (bank qog’oz pullari) chiqargan. Ular tanga va chaqalarga maydalanadi.