BANYAN
BANYAN, banian — fikuslar turkumiga kiradigan ikki tur daraxtning nomi; 1) Bengal Fikusi (Ficus bengaiensis) — yer bag’irlab o’sadigan bahaybat daraxt. Urug’ini, odatda, qushlar tarqatadi. Bunda biror boshqa daraxtga tushib qolgan urug’dan epifit holda rivojlanadigan o’simlik paydo bo’ladi. Banyanning ingichka tanasi ko’pdan-ko’p havo ildizlari hosil qiladi. Ular pastga qarab tez o’sadi va tuproqqa o’rnashgan qismi shoxlanib ketadi. Bunday ildizlar yo’g’on ustunlarga aylanadi. Daraxtning shox-shabbasi ham juda o’sib ketadi. Shunday qilib, bir dona urug’dan katta chakalakzor paydo bo’ladi. Kalkutta botanika bog’ida o’sayotgan 150 yoshdagi Banyan shox-shabbasining aylanasi 300 metr, ustunsimon ildizlarining soni 300 dan ortiq kelardi; 2) avliyo fikus (F. religiosa), bu ham bahaybat daraxt bo’lib, shoxlaridan chiqadigan havo ildizlaridan rivojlanadi. Ildizlari g’oyat katta shoxshabba uchun tayanch bo’lib xizmat qiladi. Aksari epifit emas. Banyan Hindistonda o’sadi. Mevasi yeyiladi. Banyanning yosh novdalarida qimmatbaho smola — shellak hosil bo’ladi.