Barang’ar, Barang’or, Burong’or
Barang’ar, Barang’or, Burong’or (turkcha, o’ng)-qadimgi turk-mo’g’ul xalqlarida harbiy-ma’muriy istiloh: 1) Chingiziylar saltanati barpo etilgunga qadar mo’g’ullar mamlakati o’ng qanot- Barang’ar va so’l qanot-juvang’arga taqsimlangan. Chingizxon asos solgan ulkan saltanatda ham bunday bo’linish aynan saqlangan. XIV asrning 40-yillarida Jo’ji ulusi o’ng va chap qanotlarga bo’lingan. O’ng qanot-O’q O’rda Botu va Shaybon, so’l qanot-Ko’k O’rda Jo’jixonning to’ng’ich o’g’li O’rdaga tegishli mulklardan iborat bo’lgan; 2) Temur va temuriylar, o’zbek xonliklari davrida qo’shinning o’ng qanoti. Boburning so’zlariga qaraganda, Barang’ar qo’shinning markaz qismi (qavl, g’o’l)ga bo’ysunmagan va oliy bosh qo’mondon (podshoh, xon va amir ul-umaro)ning buyrug’i bilan ish ko’rgan. Eski o’zbek tilida Barang’ar bilan bir qatorda o’ng, o’ng qo’l kabi turkiycha; maymana, yamin singari arabcha nomlar ham ishlatilgan.