BARANOVICHI

BARANOVICHI — Belorussiya Respublikasining Brest viloyatidagi shahar (1919 yildan). Yirik temir yo’l tuguni. Aholisi 167 ming kishi (1999). Baranovichi 19- asrning 70-yillarida vujudga kelgan. Shaharda avtomobil agregatlari, avtomatik liniyalar, stanok jihozlari, ventilyasiya asboblari, temir-beton konstruktsiyalari, moy, sut va pivo zavodlari, go’sht-konserva, un, non kombinatlari, ip gazlama ishlab chiqarish birlashmasi, tikuvchilik, poyabzal, trikotaj va mebel fabrikalari va boshqa korxonalar mavjud. Qurilish materiallari, uy-ro’zg’or kimyosi mahsulotlari, o’yinchoq, badiiy buyumlar ishlab chiqariladi. Texnologiya, yengil sanoat texnikumlari, musiqa, tibbiyot bilim yurtlari, o’lkashunoslik muzeyi bor.